Inson tushkunlikka tushmasligi kerak

0
471
marta koʻrilgan.

XX asr jahon adabiyoti namoyondalaridan biri, Fransiya akademiyasi aʼzosi, Nobel mukofoti sovrindori Fransua Sharl Moriak (1885–1970) asarlari eng koʻp mutolaa qilinadigan fransuz adiblaridan sanaladi. Uning sheʼrlari, qissa va romanlari, ijtimoiy-siyosiy, diniy ruhdagi bir qator maqolalari chop etilgan. Ulardan “Sigʻinish” (1909), “Gunohkorga hadya qilingan boʻsa”, “Ona” kabi asarlari dovruq qozongan. “Sevgi sahrosi”, “Otash daryo”, “Qora daftar” kabi romanlari ham juda mashhur.

1906 yilgi katta shov-shuvga sabab boʻlgan sud jarayoni (Dryufust ishi) asos qilib olingan “Tereza Dekkeru” romani fransuz adabiyotshunoslari tomonidan asr boshidagi eng yaxshi milliy roman sifatida baholangan.

Ota va oʻgʻilning sovuqqon, hissiz ayolga boʻlgan baxtsiz sevgisidan hikoya qiluvchi “Sevgi sahrosi” romani Fransiya akademiyasi tomonidan yuksak baholangan.

Adib 1933 yilda Fransiya akademiyasi aʼzoligiga qabul qilindi. 1952 yilda esa Shvesiya Qirollik akademiyasi tomonidan “romanlarida inson hayotining fojiali taqdirini koʻrsatib bergani, badiiy va teran ifodalagani uchun” Nobel mukofotiga munosib deb topilgan.

Fransua Moriak 1885 yil 11 oktyabrda Fransiyaning Bordo shahrida koʻp bolali Jan Pol Moriak va Margaritti Moriak oilasida dunyoga keldi. Ota-onasi tijorat bilan shugʻullangan, ular alohida nufuzga ega edi. Moriak ikki yoshga toʻlmasdanoq otasi vafot etadi va onasining tarbiyasida voyaga etadi.

XIX asr ikkinchi yarmi Fransiya hayotidagi erkinlik Moriak hayoti va ijodiga ham taʼsir koʻrsatmay qolmadi. Avval Muqaddas Mariya maktabida, soʻngra Morionitlar kollejida taʼlim olgan Moriak tengdoshlari va ustozlarini kuchli zehni va teran fikrlashi bilan shoshirib qoʻyardi. Kollejda oʻqib yurgan davrlarida sevimli yozuvchilari Radin va Paskal bilan uchrashadi, ulardan saboq oladi. 1905 yilda Bordo universitetini bitirgan Moriak adabiyot boʻyicha magistr darajasiga ega boʻldi.

Yoshligidan sheʼr yozishni mashq qilib yurgan Moriak matbuot bilan aloqani Parij shahrida boshladi. Parijda “Dekolte Sharq” nomidagi oʻrta asr manbalari boʻyicha tarixchilar va arxivshunoslarni tayyorlaydigan maktabda oʻqib yurgan kezlari “Bizning vaqt” jurnalida “Tutashgan qoʻllar” birinchi sheʼriy toʻplami chop etiladi. Bu toʻplam katolik oilasida yuksak orzu-umidga toʻla yurak bilan oʻsgan oʻsmirning bolaligi haqidagi sheʼrlardan iborat. Mashhur yozuvchi Moris Barres toʻplamga yuqori baho beradi va yosh shoirni ijod maydonida yangi yutuqlarga chorlaydi.

Mazkur toʻplamdan soʻng oʻzini toʻlaligicha adabiyotga bagʻishlagan Moriak “Alvido bolalik” (1911), “Tugʻyon” (1925), “Atis qoni” (1940) kabi sheʼriy kitoblar chop ettiradi.

Adibning ijodida nasr, asosan, romanlar alohida oʻrin tutadi. Birinchi romani “Grosse” jurnalida “Tashvishlar ostidagi bola” (1913) nomi bilan bosilib chiqadi. Romanda insoniyat hayotida abadiy davom etuvchi jismoniy va maʼnaviy bahs hikoya qilinadi.

Shu yilda Moriak bankirning qizi Janni Lafon bilan turmush quradi.

1914 yilda boshlangan Birinchi Jahon urushida sogʻligi tufayli armiyadan ozod qilingan boʻlsa-da, koʻngilli sifatida Qizil Xoch jamiyatiga ishga kirgan Moriak ikki yil davomida urush dahshatlari ufurib turgan joy – Bolqon yarim orolida sanitar boʻlib xizmat qiladi.

Moriakning Birinchi Jahon urushidan keyingi yillardagi ijodida katolik cherkoviga qarshi kayfiyatni koʻramiz. “Gunohkorga hadya qilingan boʻsa” (1922) romanida boy oilaning juda xunuk va kasal oʻgʻli bilan nihoyatda goʻzal kambagʻal dehqon qizi oʻrtasidagi baxtsiz turmush tasvirlanadi. Asarga koʻra goʻzal qiz yonidagi majruh nafaqat ruhan, balki jismonan ham azob chekadi. Ingliz tanqidchisi Sesil Jenkins asarga “Jamiyatimizdagi oila va cherkov tufayli umuman kerak boʻlmagan narsalarga qurbon qilingan sevgi va yoshlik haqqoniy koʻrsatib berilgan roman”, deya taʼrif beradi.

Adibning “Otash daryosi” (1923), “Ona” (1923) romanlari ham mazkur yoʻnalishda yaratilgan boʻlib, katolik cherkovi oʻng qanoti vakillari tomonidan juda qattiq tanqid qilinadi. Mazkur romanlarda kiborlar oilalaridagi achinarli munosabatlar qalamga olingan, pul insonlar ruhiyati va hayot asosi maqomida boʻlganligi koʻrsatib berilgan.

Adib ayanchli qiyofada tasvirlagan “Ona” romani qahramoni – Felisiti Kaznav va uning oilasi insonlarda kuchli nafrat tuygʻusini shakllantiradi. Asarda Felisiti Kaznav nafaqat xizmatkorlar, orindatorlariga, balki oʻz oʻgʻliga ham xususiy mulk sifatida qaraydi. Shunday vayron qiluvchi tuygʻu onaning farzandiga boʻlgan mehr hissini yoʻqqa chiqaradi ham. Fernand Kaznav onasiga shunchalik tobe boʻlib qoladiki, u mustaqil holda biror bir yorqin faoliyat olib borolmaydi.

Onasining qarshiligiga qaramasdan ellik yoshli Fernand Montellaga uylanadi. Bundan gʻazablangan ona qator jinoyatlarga qoʻl uradi. Oʻgʻlining turmushiga raxna solmoqchi boʻladi. Ammo aybini tan olmaydi. “Jinoyat jazosiz qolmaydi” deganlaridek, qahramon Felisiti Kaznav asar soʻnggida oʻz gunohlari uchun javob beradi: qarigan chogʻida shol boʻlib qoladi, oʻgʻli ham onasini tashlab ketadi, ona umrining soʻnggi lahzalarini shol holida yolgʻizlikda oʻtkazadi.

Moriakning “Ilonlar changalida” (1932) romanini soxta eʼtiqod tahlili deyish mumkin. Asar Shoazim Munavvarov tarjimasida oʻzbek kitobxonlari qoʻllariga ham etib borgan (1995).

Romandagi voqealar advokat Luining oʻlimi oldidan xotini Izaga yozgan xati shaklida namoyon boʻladi. Kundalik tarzida yozilgan ushbu xatda keksa va rostgoʻy Luining sirlaridan voqif boʻlasiz: baʼzan Luidan ranjiysiz, ammo uning mushohadalaridan soʻng koʻpni koʻrgan qariya haq ekan, degan xulosaga kelasiz.

Bu oilaviy drama muallif tili bilan aytganda: “Bir insoniy taqdirning taʼqib qilinishi va hayotning hamma chirkinliklari uning toza yuragiga etib borishi” haqida.

Muallif qissachilik va dramaturgiya sohasida ham bir qator yutuqlarga erishdi. Uning “Asmadey” dramasi Fransiya teatrlari sahnasida bir mavsumda yuz martalab qoʻyilgan.

Adib siyosiy va adabiy hodisalar haqida achchiq satirik til bilan maqolalar ham yozganki, ular romanlariga qaraganda kengroq oʻquvchilar doirasini oʻziga jalb qilgan.

Moriak Ikkinchi Jahon urushi yillarida hokimiyat tepasiga chiqqan Sharl de Goll qarashlarini qoʻllab – quvvatlaydi. Aljir davlatining mustaqilligi uchun soʻl katolik vakillari bilan birgalikda chiqishlar olib boradi. Yozuvchi Sharl de Gollning biografiyasi va esdaliklariga bagʻishlangan maxsus serial yaratadi. Moriak siyosat borasida koʻrsatgan xizmatlari uchun 1958 yilda general Sharl de Goll tomonidan Katta krestom ordeni bilan mukofotlanadi.

Moriak fashizmga boʻlgan cheksiz nafratini “Qora daftar” romanida koʻrsatib berdi. Asarga fransuz adabiyot jurnali taʼsischilaridan birining otib tashlanishi asos qilib olingan. Asarni ismi emas, taxallusi bilan eʼlon qilgan Moriak maʼlum bir vaqt yashirinib yurishga majbur boʻladi.

Adib Nobel mukofotini olish jarayonidagi nutqida quyidagi fikrlarini bildiradi: “Bu jaholat va dahshat bilan toʻlib-toshgan dunyoda umidlarni saqlab qolish juda muhim. Inson oʻz tabiati bilan maqsadini anglab etishi va tushkunlikka tushmasligi kerak. Zamonaviy insonning tushkunlikka tushishi shu davrning absurdligi va insonning yolgʻon afsonalar domiga tushib qolishi bilan izohlanadi. Bu absurd insonni hayvon darajasiga tushirib qoʻyishi mumkin”. Yozuvchi absurd sifatida katolik cherkovini koʻrsatadi. Uning oxirgi “Oʻtmish farzandi” (1969) romani ham shunday qarshilik ruhida.

1970 yil 1 sentyabrda Fransiya oʻzining yana bir ulugʻ ijodkoridan ajraldi. Moriak olamdan koʻz yumdi.

Moriak oʻzidan durdona asarlar qoldirdi. Uning teran fikrlashi, achchiq tili bilan eng murakkab voqealarni ham loʻnda tushuntirib bera olishi, badiiy mahorati asarlarining umri boqiyligiga sababdir. Adib ijodi XX asr fransuz adabiyotida Marsel Prussdan keyingi oʻrinda baholanadi.

 

Oʻtkir YOʻLDOSHYeV tayyorladi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–10

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.