Ilk “Nobel”chi adiba

0
196
marta koʻrilgan.

Selma Lagerlyof – Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan va Shvetsiya Akademiyasi aʼzosiga aylangan ilk ayol. Mashhur “Mitti Nilsning gʻozlar bilan qilgan ajoyibu gʻaroyib sayohatlari” asari muallifi. Uning ushbu asar asosida ishlangan animatsion filmni sevib tomosha qilmagan odam boʻlmasa kerak.

Lagerlyof – Shvetsiya faxri va afsonasi. U xalq ertak va afsonalaridagi sehrgarlikni realizm bilan birlashtirdi va Shvetsiyani butun dunyoga tanitdi.

 

ERTAKNAMO BOLALIK

Selma Lagerlyof Vermland degan xushmanzara joyda isteʼfodagi harbiy va oʻqituvchi oilasida dunyoga kelgan. Shu qishloqda tabiat bilan mustahkam bogʻliq holda oʻsgan qizaloqning yuragida bolaligidanoq xalq hayotiga muhabbat uygʻondi. Selmaning shakllanishida momosi va xolasining taʼsiri ayniqsa katta boʻldi. Ular qizaloqning koʻz oʻngida shved xalq ogʻzaki ijodi dunyosini ochib berdilar va uning badiiy didini shakllantirdilar. Boz ustiga, bu taqdir irodasi edi: Selma 3 yoshga kirganida falaj boʻlib qoladi. Qizcha bir necha yilni toʻshakka mixlanib oʻtkazadi, soʻng sogʻayib ketadi. Xastalik chogʻlarida buvisi Selma uchun olamga ochilgan deraza kabi edi. Qizcha goʻzal xonimlar, Vermland kavalerlari, koʻhna qoʻrgʻonlarda yashaydigan alvastilar haqidagi rivoyatlarni ilk bor undan eshitdi. “Esimda, momom ertadan kechgacha biz bilan boʻlar, tinmay ertak aytib berardi. Biz bolalar esa jimgina bir-birimizga tiqilib olgancha uni tinglardik. Hayot shunday ajoyib edi. Biznikiga oʻxshagan bolalik hech kimda boʻlmasa kerak”, deya eslagandi adiba. Lagerlyof asarlaridagi hamma sehrgarlik, rang-baranglik va fantaziya qudratining ildizi ayni shu yerda – uning ertaknamo bolaligida.

 

MUALLIMA

Selma 7 yoshidayoq yozuvchi boʻlishni orzu qilardi. U bir kuni Stokgolmdagi harbiy paradni tomosha qila turib, qirol saroyi derazalarini sanashga tushganini hikoya qilib bergandi, oʻshanda qachondir shu qasr haqida roman yozishini va derazalar ortidagi voqealarni jonlantirishini tasavvur qilgan ekan.

Bolaligida Selma oʻzini ilk marta adabiyotda sinab koʻrdi. U sheʼrlar, balladalar, sonetlar, kichik-kichik ertak-pyesalar yozardi. Keyinchalik adabiyotga qobiliyatni hayotidagi eng ulkan baxt deb biladi. Biroq Lagerlyof oʻzini batamom adabiyotga baxshida etishi uchun biroz vaqt oʻtishi lozim edi. Kun kechirish uchun biror ishning boshini tutish zarur boʻlib, Selma oʻqituvchilar seminariyasiga oʻqishga kiradi. Uni tamomlagach, Landskrun degan kichkina shaharchaga koʻchib oʻtadi va qizlar maktabida oʻqituvchilik qiladi. Lagerlyofning tan olishicha, shu yillar davomida u yozishni tashlamaydi. Tez orada bolaligidagi rivoyatlar olamidan ilhomlangan holda “Yyost Berling haqida saga” deb nomlangan ilk romani ustida ish boshlaydi.

YANGI XAYOLPARAST

Selma Lagerlyof adabiyotga realizm hukmronlik qilayotgan davrda kirib keldi va shu yoʻnalish namoyandalarining taʼsirida boʻldi. Ammo u oʻz ovozini fantaziya va tasavvur yoʻlida topdi. Adiba tomonidan tanlangan manba – xalq rivoyat va afsonalari uni realistik adabiyotda qabul qilingan hikoya uslubini erkinlashtirishga turtki berardi. Shuning uchun ham uning ilk romani “Yyoste Berling haqida saga” neoromantizm uslubida yozilgan boʻlib, bu uslub Shvetsiyada XIX asr oxirlarida namoyon boʻla boshlagandi. Roman oʻzida Vermland xalq rivoyatu afsonalarini jamlagan boʻlib, unda voqelik va uydirma ajratib boʻlmaydigan darajada uyqashib ketgandi. Bu magik realizmning bir koʻrinishi ham edi. Lagerlyof oʻzining qadrdon Vermlandiga xos hayotning real manzaralarini chuqur va ravshan aks ettiradi. Ammo bu hayotiylikni tabiiylikdan tashqari narsalar bilan xuddi odatiy holdek talqin etib, rivoyat-afsonalarga xos sehrgarlik unsurlari bilan toʻldiradi. Mamlakat tobora yangi kapitalistik relsga tushib borayotgan bir davrda Lagerlyof oʻz kitobida qadimiy, marhamatli va patriarxal Shvetsiyaning, hech boʻlmaganda, bir boʻlagini tasvirlash, saqlab qolishga urindi.

“Yyost Berling haqida saga” romani adiba taqdirida katta burilish yasadi. Undan boblarni Selma 1890 yilda “Idun” gazetasi tomonidan eʼlon qilingan tanlovga yuboradi. Tanlovdagi gʻoliblik unga romanni tugallashda yordam beradi va 1891 yilda asar kitob holida chop etiladi. Roman taniqli daniyalik tanqidchi Georg Brandes nazariga tushgach, Selma Lagerlyof nomi mashhur boʻlib ketadi.

U haqiqiy yozuvchi boʻlib yetishgandi. Lagerlyofning keyingi aksariyat asarlari ham folklor motivlariga asoslangan, ammo “Yyost Berling haqida saga” romani yana uzoq vaqtgacha uning ijodidagi eng ommabop va oʻqishli asar boʻlib qoldi.

 

NILS YOVVOYI GʻOZLAR BILAN

1906 yilda “Mitti Nilsning gʻozlar bilan qilgan ajoyibu gʻaroyib sayohatlari” asari nashr etilishi bilan hammasi oʻzgardi. Kitob tezda Skandinaviyada mashhur boʻlib ketdi, oʻnlab tillarga tarjima qilindi va Lagerlyofni butun dunyoga tanitdi. Shunisi qiziqki, avval-boshida “Nilsning sayohatlari” odatiy asar emas, balki geografiya darsligi sifatida yaratilgan. Bu paytda Shvetsiya yangi demokratik pedagogika gʻoyalarini tezlik bilan ishlab chiqib, uni hayotga tatbiq etayotgandi. Xalq maktablaridagi Oʻqituvchilar umumiy ittifoqi rahbariyati darsliklar nafaqat bilim berish uchun oson boʻlmogʻi, balki qiziq ham boʻlishi kerak, degan fikrga keladi. Shunga koʻra, geografiya darsligining tajriba nusxasini yaratish taklif qilinadi, bunda olimlar yozuvchilar bilan birgalikda ish olib borish lozim edi. Ijodkorlar orasidan Selma Lagerlyof tanlanadi, chunki uni “Yyost Berling haqida saga” asari tufayli yaxshi bilishardi. Toʻgʻri, Selma hammualliflikda ishlash taklifini rad etadi va kitobni toʻligʻicha bir oʻzi yozishga qaror qiladi. Ishga kirishishdan oldin yozuvchi Shvetsiya boʻylab sayohatga chiqadi, safar davomida kitobi uchun maʼlumotlar toʻplaydi. Shakliy yechimni esa u keyinroq Kipling asarlaridagi gapiruvchi jonivorlar, Avgust Strindbergning “Baxtiyor Per sarguzashtlari” qissasi va Rixard Gustafsonning “Nomaʼlum jannat” ertagidan (bu asardagi bola ham xuddi Nils kabi mamlakat boʻylab qushlar bilan birga uchadi) topadi. Xalq afsona va rivoyatlari asosiga qurilgan ertaknamo-fantastik fabula Lagerlyof Shvetsiyaning turli joylari geografiyasi va tabiatiga oid maʼlumotlarni bir butun asarga jamlash uchun yordam berar, asar xuddi oʻquv darsligi emas, balki qiziqarli sayohat kabi taʼsir qilardi. Asar kitobxonlar tomonidan aʼlo darajada kutib olinadi va tez orada Shvetsiyadagina emas, balki butun dunyoda mashhur boʻlib ketadi. Shu bilan birga, kitob bahslarga ham sabab boʻladi. Baʼzi tanqidchilar “Nilsning sayohatlari”ni “pedagogikada inqilob” deb atagan boʻlsa, boshqalari adiba ayrim ilmiy faktlarga risoladagiday yondashmaganini aytgan. “Smolond vatanparvarlari” deyilgan guruh aʼzolari esa asardan “Smolond haqida ertak” degan qism olib tashlanmas ekan, bu kitobni butunlay taqiqlashni talab etishadi. Guruhdagilar Lagerlyof ular yashaydigan hududni qashshoq bir joy sifatida tasvirlab, adolatsizlik qilgan, deb hisoblaganlar.

 

MILLAT GʻURURI

XX asr boshlarida Selma Lagerlyof taniqli yozuvchi boʻlib shuhrat qozongandi. Nils haqidagi kitob uni Shvetsiyadagi eng hurmatli ayollardan biriga aylantirdi. 1907 yilda u Uppsala universitetining faxriy doktori deb eʼlon qilinadi va oradan bir yil oʻtgach, yozuvchining 50 yoshlik yubileyi salkam milliy bayram sifatida nishonlanadi. 1909 yilda Lagerlyof adabiyot yoʻnalishida Nobel mukofotini qoʻlga kiritgan dunyodagi ilk ayol boʻldi. Bu gʻalaba nafaqat adiba uchun ramziy bir yutuq, balki uning oʻzi tugʻilgan mulk – Morbakkuni sotib olishiga ham imkon berdi, ushbu mulk otasining oʻlimidan keyin qarz tufayli sotib yuborilgandi. Shu yillarda Lagerlyof Shvetsiyaning eng nufuzli jamoat arboblaridan sanalgan. U chinakam insonparvar edi, demokratik va patsifistik qarashlarni qoʻllab-quvvatlar, ayollar huquqlari uchun kurashar, Ikkinchi jahon urushi arafasida esa nemis madaniyat arboblariga natsistlar taʼqibidan qochishlari uchun koʻmaklashgandi. Masalan, nemis shoirasi Nelli Zaks Selmening sharofati bilan viza olgan. Sovet-fin urushi davrida adiba oʻzining Nobel mukofoti medalini Finlyandiya uchun yordam jamgʻarmasiga topshirgan. Fin hukumati bu harakatdan qattiq taʼsirlanadi, ammo medalni qaytaradi. Hayotlik paytidayoq Selma Lagerlyof Shvetsiyaning milliy faxri va afsonasiga aylanib ulgurgandi. 1991 yilda uning surati 20 shved kronasi banknotida paydo boʻldi. Yozuvchi shved banknotida tasvirlangan ilk ayol hamdir.

Mashhurlik va obroʻ-eʼtiborga erishgan Lagerlyof Shvetsiya jamoatchiligi hayotida faol ishtirok etgan. 1911 yilda u Stokgolmda oʻtkazilgan dunyo xotin-qizlari Kongressida ishtirok etib, ayollarni oʻz huquqlari uchun kurashishga va jamiyat hayotida faol ishtirok etishga chaqiradi. Lagerlyof shved ayollarining saylash huquqi uchun kurashiga katta hissa qoʻshgan. U oʻz misolida mamlakat hayotida ayollarning qanchalik muhim ahamiyati borligini koʻrsatib bera olgandi. Selma Lagerlyof nafaqat Nobel mukofoti sohibasi boʻldi, balki 1914 yilda Shvetsiya akademiyasiga qabul qilingan ilk ayol sifatida ham tarixda qoldi.

 

Manbalar asosida XURSHIDA tayyorladi.

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.