Hayratdan tugʻilgan ijod

0
461
marta koʻrilgan.

Krasnoyarsk oʻlkasidan chiqqan rassom deyilishi bilanoq, tasviriy sanʼat shaydolarining hayoliga Surikov keladi. U asarlarini mutlaq sof boʻyoqlar uygʻunligiga, tasvirlanayotgan hodisaning haqqoniyligiga, qahramonlarining ruhiy kechinmalariga eʼtibor qaratgan holda yaratadi.

1848 yilning 24 yanvari, Krasnoyarsk… Tarix zarvaraqlariga bu sana rassomchilikka yeng shimarib kirib kelgan, sarafroz ijodi ila tanilgan Vasiliy Ivanovich Surikovning tavallud kuni sifatida muhrlandi. Bolaligidan tasviriy sanʼatga qiziqishi katta boʻlgan Vasiliyning isteʼdodini uning uyezd bilim yurtidagi oʻqituvchisi N. V. Grebnev sezadi. Muallim Vasiliy zimmasiga oʻtmishdagi rassomlarning ishlaridan namunalar koʻchirish vazifasini qoʻyadi. Yulduzni benarvon uradigan bolakay oʻzining ilk murabbiyi haqida keyinchalik fahrlanib shunday deydi: “Grebnev menga rassomchilik sir-asrorlarini oʻrgatish jarayonida, erishgan natijalarimni koʻrib, quvonchdan koʻziga yosh olgudek boʻlardi”.

Tasviriy sanʼatga boʻlgan mehr-muhabbat uni Sankt-Peterburgga yetaklaydi. Neva boʻyidagi shahar Surikovning xotirasida 1869–1875 yillar davomida Peterburg Rassomlar Akademiyasida muallimi Chistyakovdan taʼlim-tarbiya olgani hamda maktabning eng yaxshi oʻquvchisi deya eʼtirof etilgani bilan abadiy muhrlanib qoladi.

Ijodkor 1877 yildan boshlab Mos-kvada yashay boshlaydi va oʻz ijodini shu yerda davom ettiradi. U Moskvadagi hayotini shunday tasvirlaydi: “Men bu shaharga kelishim bilanoq, xuddi bir yukdan xalos etilgandek boʻldim. Lev Tolstoy taʼkidlaganidek, eski anduhlar koʻtarildi… Shahardagi haykallar, maydonlar Sibir taassurotlarimni esga olib, boʻyoqlarda aks ettirish imkonini berdi. Men haykallarga bamisoli tirik insonlarga qaragandek razm solardim va hatto ulardan soʻrar edim ham: “Ciz koʻrgansiz, eshitgansiz, demak guvohsizlar!”. Ular oʻz xotiralarini soʻz bilan ifoda eta olmasdilar, xolos…”

1878 yili Surikov Yelizaveta Avgustovna Sharega uylanadi. Keyinchalik ular ikki nafar shirintoy qiz – Olga va Yelenaning ota-onasi boʻlish baxtiga musharraf boʻlishadi. Shu davrda moʻyqalam sohibi unga yanada shuhrat olib kelgan bir qancha kartinalarni yaratadi.

Surikov tarixiy rassomchilik boʻyicha nihoyatda kuchli mutaxassis edi. 1881 yilda nihoyasiga yetkazilgan “Oʻqchi askarlarni jazolash tongi” surati tezda sanʼat ahli eʼtiboriga tushadi. Suratda Rossiya tarixida jiddiy, tub burilish yasagan voqealar, rus xalqining turli toifalariga mansub vakillarining oʻziga xosligi zoʻr zavqu shavq bilan polotnoga tushirilgan boʻlib, ijodkor ushbu suratning yaratilish tarixi haqida shunday degan: “Men bu rasmni chizganimdan soʻng har kuni tushimda jazolanganlarni koʻrar edim. Atrofdan qonning hidi kelayotgandek boʻlardi. Tunlari alahsirab chiqardim. Koʻzimni ochishim bilan hammasi ortda qolardi – ming shukrki, hech qanday dahshat yoʻq edi. Bu qoʻrqinchu vahimalar aslo meni tark etmasdi. Vaholanki, men chizgan suratda na qon, na qirgʻin aks ettirilgan edi. Shundan soʻng bir kuni Ilya Yefimovich Repin kelib suratga razm soldi-da, shunday dedi: “Nega bu yerda umuman jazolanayotgan yoʻq? Hech boʻlmasa ulardan birontasini dorga osib qoʻymaysizmi?..” Shundan soʻng men uning taklifini sinab koʻrmoqchi boʻldim va qoʻshimcha ravishda dorga osib qoʻyilgan oʻqchi askarni chizib qoʻydim. Shu damda xonaga enaga kirib qoldi-yu suratni koʻrib gup etib yiqildi…”

“Berezovadagi Menshikov” asari Surikovga nafaqat shuhrat, balki moʻmaygina daromad ham keltirdi. Shundan soʻng Vasiliy Yevropaning Germaniya, Fransiya, Italiya, Avstriya kabi davlatlarga sayohatga chiqadi.

Taqdir taqozosi bilan 1888 yilda Surikovning mehribon turmush oʻrtogʻi olamdan oʻtadi. Tushkun kayfiyat va ruhiy iztiroblar ichida qolgan ijodkorning rassomchilikka boʻlgan ixlosi qaytadi. Shundan soʻng, 1889 yili farzandlari bilan ona shahri Krasnoyarskka yoʻl oladi. Bolalikning shoʻxliklari yodiga tushadimi, kindik qoni toʻkilgan zaminning qaynoq tafti taʼsir qiladimi, harqalay, ijodkor yana sanʼatga qaytadi. U yerda “Qorli shaharchani ishgʻol etish” nomli kartinasini yaratadi Olqishlarga sazovor boʻlgan bu asar 1900 yilda faranglar poytaxti Parijdagi koʻrgazmaga qoʻyilib, oʻz muallifini medal bilan taqdirlaydi.

Ijodkor oʻzining soʻnggi yirik asarlaridan biri boʻlgan “Stepan Razin” ustida bir necha yil davomida ishlaydi. Uning birdan bir maqsadi isyonkor qahramonning kuchli ruhiy holatini yoritib berish edi.

Ijod ahli mashhurlikka qadam qoʻydimi, bas, tanqidga ham bardosh berishi kerak. Tanqidchilar Surikovni tasvirlaridagi zichlik, izchillikning yetishmasligida ayblashardi hatto, uning asarlarini “Kimxob gilam” deya atashardi. Sanʼat asarini qandaydir gilamga qiyoslash tubanlikdan oʻzga narsa emas. Nachora, har yomonning ham bir yaxshisi bor…

1910 yili Krasnoyarskda Surikov hamda L. A. Chernishev himmati bilan tasviriy maktab bunyod etiladi. Taʼlim dargohi uchun oʻquv qurollarini Surikovning oʻzi Peterburgdan yuborar edi.

“Men gʻoyib boʻlyapman” – mohir moʻyqalam sohibi Vasiliy Ivanovich Surikovning hayoti shu soʻzlar bilan oʻz poyoniga yetdi. 1916 yil 19 martda rassomning yuragi urishdan toʻxtadi. Uni Moskvadagi Vagandov qabristoniga dafn etilgan umr yoʻldoshining yoniga tuproqqa qoʻydilar. Bunga qadar u qirq yil davomida oʻzining buyuk asarlari ila barchani hayratga solgan edi. Ijodkorning “Boyar ayol Morozova”, “Oʻqchi askarlarni jazolash tongi”, “Suvorovning Alp togʻlaridan oʻtishi” kabi uning yana boshqa bir qator suratlari rus rassomlik sanʼatida alohida oʻrniga ega.

1959 yili rejissyor Anatoliy Riʼbakov tomonidan uning hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi film olindi. Merkuriydagi karterlardan biri ham Surikov nomi bilan atalgan.

 

Gulhayo ABDUGʻAFFOROVA tayyorladi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.