Hayotdagi Sherlok Xolms

0
312
marta koʻrilgan.

Angliyalik mashhur yozuvchi Artur Konan Doyl (1859–1930) ajoyib kunlarning birida Parijga keladi. Vokzalda bir taksichi unga juda ishonchli qiyofada yaqinlashadi va hech bir soʻz demay jomadonini olib, mashina yukxonasiga tashlaydi. Rulga oʻtirgachgina tilga kiradi:

– Msye Konan Doyl, qayerga olib borib qoʻyay?

– Ie, meni qaydan taniysiz? – deb hayron boʻladi yozuvchi.

– Birinchi marta koʻrishim, – deb javob beradi haydovchi.

– Unday boʻlsa, menligimni qanday bildingiz?

– Siz tasvirlagan deduktiv usul bilan, – deydi taksichi gʻururlanib. – Birinchidan, Artur Konan Doyl shahrimizdagi “Rivyer” oromgohida ikki hafta dam olishini gazetalardan oʻqigandim. Ikkinchidan, siz tushgan poyezd Marseldan kelyapti. Uchinchidan, yuzingiz qoraygan, bu Oʻrta dengiz sohillarida kamida oʻn kun turganingizdan dalolat. Marsel Oʻrta dengiz sohilida joylashgan. Oʻng qoʻlingizning oʻrta barmogʻidagi siyoh dogʻini koʻrib, yozuvchi ekani­ngizga ishonch hosil qildim. Oʻzi­ngizni tutishingiz kasbingiz doʻxtir ekanini koʻrsatib turibdi. Ana shu mushohada va mulohazalardan soʻng qarshimda mashhur adib, Sherlok Xolms haqidagi hikoyalar muallifi Artur Konan Doyl turganini angladim!

Taksichining soʻzlarini eshitib, yozuvchi yoqa ushlaydi:

– Siz deyarli Sherlok Xolmsning oʻzi ekansiz-ku! – deb hayqiradi u. – Axir, arzimas detallardan shunday xulosa yasash hazilakam gapmi!

– Ha, endi… – deb maqtovlarni toʻxtatishga urinadi haydovchi. – Men yana bir arzimas detalni payqab qoldim.

– Qanaqa detal?

– Jomadoningizga yopishtirilgan yorliqni. Unga sizning ism-sharifi­ngiz oʻqlovday qilib yozib qoʻyilgan ekan!

 

Orif Tolib

tayyorladi.

 

“Yoshlik” jurnalining 2016 yil 4-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.