Dastxatini yurakdan bitgan shoir

0
12
marta ko‘rilgan.

O‘zbek she’riyatining zabardast vakili Muhammad Rahmondan “Muvozanat”, “Yashil daryo”, “Ijobat”, “Yuragimning dastxati” “Asraganim, avaylaganim” kabi she’riy to‘plamlar qoldi.

O‘tgan asrning 70-yillarida she’rxonlar e’tiborini qozongan Muhammad Rahmonning 1979 yili nashr etilgan “Yashil daryo” kitobi tezda tilga tushdi. Ushbu to‘plamdagi she’rlar samimiy tilda, tuyg‘ularning tiniq ifodalanganligi bilan ajralib turardi. Darhaqiqat, shoir she’rlarida o‘zlikdan uzilmaslik, tarixdan ibrat olish, kelajakka umid ko‘zi bilan qarash bo‘y ko‘rsatib turadi. U bir she’rida shunday deydi:

 

Beklardek yashamoq a’moli bekning,

Magarkim holing yo‘q, qad rostla, hollan.

Sharti juda oddiy o‘zbekchilikning:

Amir Temur, Alisher Navoiy bilan qurollan!

 

Shoirning she’rlarini o‘qisangiz, u ko‘ngil va xayol kechinmalarini ayni shu hayrat tili bilan so‘zlaydi, hayrat tili bilan ifoda qiladi. Shu sabablimi, shoir she’rlari samimiy, diltortar, tabiiy.

 


 

… Biz o‘zi to‘rtovlon edik, yana bir sherigimiz Muhammad Rahmon. Oramizda eslimiz ham shoir bo‘lib, matbuotda erta tanilganimiz ham shu yigit edi. Asli kitoblik, Surxondaryoda katta bo‘lgan. Esimda, ikkalamiz bir-birimizni shoironasiga “aziz do‘stim” deb atardik. Xudo rahmat qilsin, ko‘p dilso‘z o‘rtoq, ajab hassos shoir edi – saylanma kitobidan biron she’r u yoqda tursin, bir satrini ham olib qo‘yolmaysiz!

Erkin A’zam

 

Muhammad Rahmon shaxs sifatida kamtarin, xokisor, lekin shoir sifatida adabiyotda o‘z munosib o‘rni, o‘z sozi, o‘z ovoziga ega bo‘lgan zabardast shoir edi. Uning har bir she’ridan tafakkur shu’lalaridan bir namuna topish mumkin. Bolalar uchun yozgan she’r va dostonlarida ham kattalarning aql vijdoniga xitob qiladigan ishoralar bor.

Mirza Kenjabek

 

Halollik – g‘irromlikning ziddi, insonni hayotligida ham va, ayniqsa, dunyodan o‘tganidan keyin yuksak insoniy martabada xotirlashga bois bo‘lguchi fazilat. Inchunun, ijoddagi halollik ijodkor umrini avlodlar silsilasida mudom poydor etguvchi sifat – xususiyat. Kamina nazarda tutayotgan uch shoir – “uch alamkash”, “uch qalandar”, “uch birodar”, “uch navoyi”, “uch vafoyi” – Shavkat Rahmon, Muhammad Rahmon, Matnazar Abdulhakim, nazaran, xuddi shunday ijodkorlar edi.

Shuhrat Rizayev

 

Muhammad Rahmonning she’riyati o‘quvchini shunday xulosalarga keltiradiki, buning natijasida unda adabiyotning vazifasi odamda ezgulikni emas, balki noezgu amallarga noqobillikni tarbiyalamoqdir, degan fikr paydo bo‘ladi. Bunday tarbiya esa o‘z-o‘zidan amaliyotda ezgulikni keltirib chiqaradi, chunki inson o‘z a’mollarida nimanidir bajara olmay yashashga layoqatli emas.

Matnazar ABDULHAKIM

 

Muhammad Rahmon bu dunyoga favqulodda kelib ketgan chuqur qayg‘u, nozik hayrat shoiri edi. Uning olamida bolalikning yig‘isi, umr so‘qmoqlarining guldurosi aks etib turardi. Yoshligimning oltin damlarida Uning “Yakshanbalar bolalarning kunidir”, “Soqov monologi” she’rlarini qayta-qayta o‘qib takrorlab yurardim. Bu menga ichki kayfiyat, anglanmas hislarning jo‘shqinligini baxsh etgan, desam, ayni haqiqat. Ustoz ijodini o‘qib, ko‘zni yumib vujud xonalarida anglab olish, uni tushunish, albatta, ko‘ngilni kayhoniy tarbiyalashga xizmat qiladi.

Abduvali QUTBIDDIN

 

Pokiza poetik yuksaklikda shoirlar ikkiga: bevosita va bavosita shoirlarga ajraladilar. Muhammadjon Rahmonov – bevosita shoir. Bu degani, uning yuragi shoir demak. Uning ko‘pgina va hal qiluvchi she’rlari bevosita she’rlar bo‘lib, ular she’riyatning ona tilida yozilgan.

Bahodir Sodiqov

 

Muhammad Rahmonning salobatli, chin ma’nodagi o‘zbekona ovozi bor edi. U ham men kabi tog‘ qishlog‘ida tug‘ilgani boismikan yaqin qadrdon edik. Menga uning tabiiy fe’li yoqar edi. Uning “Asraganim, avoylaganim” she’riy kitobi poetik qiyofasini belgilagan ilk kitobi bo‘lgandi. Afsuski, hali Muhammad Rahmon she’riyati ilm ahli tomonidan tadqiq qilinmadi, munosib bahosi belgilanmadi.

Azim SUYUN

 

Muhammad Rahmonning she’riyatida sehrning cho‘g‘i, samimiyatning mehri, tuyg‘uning so‘zi, kangluning idroki doimo birday edi.

Ikrom Otamurod

 

 

Fiyosiddin O‘narov

tayyorladi.

 

 “Yoshlik”, 2018/1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.