Boshqotirma

0
157
marta koʻrilgan.

Pishiqchilik mahali edi. Erkin aka va turmush oʻrtogʻi Gulchehra opa bilan olis saylga chiqdik. Qoʻqonda, Margʻilonda boʻlib, oxiri Oltiariqqa bordik.

Oltiariqlik rahbarlar bu tashrifdan xabar topib, tezda uchrashuv uyushtirishdi. Uchrashuvni tugatib tashqariga chiqqanimizda, “chapaki tirikchilik”ka ustamon bir kimsa karton qutiga xorijiy firma tamgʻasi bosilgan, oʻsha paytda behad tanqis sanalgan narsani mashinamiz yukxonasiga tiqayotib, bu mendan sizga sovgʻa, akaxonim, deya Erkin akaga ukaxonlanib iljaydi.

Har xil nusxalarga tili qisiq boʻlishni xushlamaydigan ustoz oʻsha damda indamay qoʻyaqolgan esa-da, bir piyola choy ichish uchun biznikiga kirganimizda, meni yoniga chaqirib, dedi:

– Boyagi odamning sovgʻasini tezda uyiga tashlab keling. Erkin akamning sizga boshqa bir iltimosi bor ekan, keyinroq aytarkan, deb koʻnglini tinchiting.

U ancha ezma odam, shoirimizning qanaqa iltimosi boʻlsaykin, deb surishtirishga tushsa-chi, desam, ustoz maʼnodor jilmaydi:

– Erkin akamga bitta parovoz olib berarkansiz, deng. Oʻlgunicha boshi qotib yuraversin.

Soʻng iyagini balandlatib, tebrana-tebrana kula ketdi. Behad chiroyli edi bu kulgu.

 

Anvar OBIDJON

 

“Yoshlik”, 2017 yil 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.