Birinchi Nobel laureati

0
635
marta koʻrilgan.

Adabiyot yoʻnalishi boʻyicha Nobel mukofotiga ilk bora 1901 yilda fransuz shoiri Arman Syulli-Pryudom sazovor boʻlgan edi. Mana shu tarixiy, olamshumul voqea boʻlmaganida, ehtimol, Pryudomni jahon tanimasmidi…

Ha, hatto oʻz vatanida nomi unut boʻlayozgan shoirni Shvetsiya akademiyasi mukofotga eng munosib nomzod deb topdi. Biroq butun dunyo adiblari ushbu mukofot jahonda asarlari eng koʻp oʻqilayotgan ulugʻ rus adibi Lev Nikolayevich Tolstoyga berilishini kutayotgandi. Toʻgʻri, Pryudomning isteʼdodiga shubha yoʻq, u oʻziga xos serqirra shoir boʻlgan. Ammo uning ijodini Tolstoydek ulkan “togʻ” bilan boʻylashtirib boʻlmasdi, albatta. Tolstoydan kechib, Pryudomning ragʻbatlantirilishi esa adabiyot olamida chin maʼnoda hayratlanarli hodisa boʻldi. Buning sababini quyidagicha izohlash mumkin: birinchidan, Tolstoyning oʻzi bu mukofotni rad etgan, ikkinchidan, agar mukofot Tolstoyga berilganda kelgusi nomzodlarga ham oʻta yuqori talablar belgilangan boʻlardi va Nobel choʻqqisi egallab boʻlmas marraga aylanib qolishi ehtimoldan xoli emasdi.

Bu bilan Syulli-Pryudomga mukofot nohaq berilgan, demoqchi emasmiz, albatta. Uning “asarlarining oʻziga xos badiiy obroʻsi, xususan, yuksak gʻoyaviyligi, mukammalligi, shuningdek, isteʼdod bilan samimiylikni ajoyib tarzda uygʻunlashtirgani uchun” mukofotga loyiq deb topilishi ushbu shoir ijodiga berilgan xolis bahodir.

Nima boʻlmasin, ‘‘bandasi taxmin qiladi, Yaratgan taqdir qiladi’’ deganlari rost ekan, taqdir shu boʻldiki, ushbu mukofot topshirilayotganda Syulli-Pryudom kasalligi tufayli marosimda ishtirok eta olmadi.

Shoir umrining koʻp qismini nochorlikda oʻtkazgan. Shu bilan bir paytda u oʻz davrida Fransiyaning eng ziyoli kishilaridan hisoblangan. Uning asl ismi Rene Fransua Arman Pryudom boʻlib, 1839 yil 16 martda Parijda savdogar oilasida tavallud topadi. Ikki yoshida otasidan yetim qolib, onasi va opasi bilan togʻasinikiga koʻchib oʻtadi. Yosh Rene avvaliga Bonapart litseyida oʻqiydi. Bolaligidan muhandis boʻlishni orzu qilgan Cyulli politexnika kollejiga hujjat topshiradi-yu, biroq koʻzida jiddiy kasallik borligi sabab oʻqishga qabul qilinmaydi. Chorasiz qolgan Rene tirikchilik vajidan Kruzo shaharchasidagi zavodda ishlay boshlaydi. Ayni vaqtda falsafani oʻrganadi, sheʼr yozishni mashq qiladi. 1865 yili u oʻzining ilk sheʼriy toʻplami “Stanslar va poemalar”ni nashrdan chiqardi va bu asar munaqqidlar tomonidan iliq kutib olindi, jumladan, mashhur fransuz yozuvchisi Sen-Byov ham asarga yuksak baho beradi. Shundan soʻng shoirning qator toʻplamlari nashr qilina boshlaydi. “Singan guldon” poemasida alamli muhabbatdan siyoh boʻlgan qalbni nafis chizgilarda tasvirlaydi. Shoir lirik janrlarda koʻp qalam tebratgan, xususan, uning “Sinovlar”, “Xilvatgohlar” kabi sheʼriy toʻplamlari lirikaning ajoyib namunalaridir.

1870 yili Pryudom hayotida ulkan yoʻqotishlar roʻy beradi. U bir necha kun ichida ketma-ket onasi, togʻasi va xolasidan ayriladi. Shu yillarda Fransiya – Prussiya urushi boshlanib ketadi va bu urushda Pryudom ham qoʻliga qurol olib, vatanini himoya qilish uchun jangga otlanadi. Hayotning achchiq sinovlari va mamlakatda kezib yurgan urush nafasi shoirning qaddini ancha bukib qoʻyadi. U ogʻir kasallikka chalinib, toʻshakka mixlanib qoladi. Kasal yotgan paytlarida vatanparvarlik hissi bilan sugʻorilgan “Harbiy taassurotlar”, yurakni junbushga keltiradigan “Behuda muloyimlik” kabi sheʼriy asarlarini nashr ettirdi. Shoir “Adolat” nomli falsafiy poemasida inson adolatni tashqi dunyodan emas, oʻz qalbidan izlashi kerak, degan fikrni olgʻa sursa, “Baxt” poemasida baxtga qiziquvchanlik, aql-zakovat, saxovat va fidoyilik bilan erishmoq mumkinligi haqida mulohaza yuritadi.

Pryudomning sheʼriyatdagi izlanishlari va mehnati inobatga olinib, u Fransuz akademiyasi aʼzosi etib saylandi. 1902 yili oʻzining saʼy-harakatlari hamda Joze-Mariya de Gerda va Leon Dyelar kabi adiblar koʻmagida “Fransuz shoirlar jamiyati”ni tuzadi.

Shvetsiya akademiyasi aʼzolari ijodkorga shunday taʼrif beradilar: “Sinchkovlik, kuzatuvchanlik hamda maʼnaviy ulugʻvorlik bilan yoʻgʻrilgan zakovat Syulli-Pryudomni boshqalardan ajratib turadi”. Amerikalik tadqiqotchilardan biri shoir haqida shunday yozadi: “U poeziyani zulmat qaʼridan olib chiqdi, shuningdek, baxtga eltuvchi yoʻl azob-uqubatlar, fidoyilik va qardoshlik muhabbati orqali oʻtadi, deb uqtirdi”.

Uzoq vaqt falajlikdan azob chekkan shoir 1907 yil 6 sentyabrda Shatney-Malabri shaharchasida vafot etadi. Uning qanday inson boʻlganini asarlarida tarannum etilgan xayrli ishlarni nechogʻlik amalga oshirganidan ham bilsa boʻladi. Pryudom Nobel mukofoti uchun olgan pulini yosh shoirlarni ragʻbatlantirishga sarflaydi. Taassuf ila tan olish kerakki, oʻz davrida adabiyot sohasida ham, olimlar doirasida ham, jamoatchilik ichida ham hurmatga sazovor boʻlgan ulugʻ Syulli-Pryudomni bugungi kunda hatto vatani Fransiyada ham kam eslashlari achinarli hol, albatta.

 

Mahmadiyor ASADOV,

Qarshi DU oʻqituvchisi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.