Prezident Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasining yangi binosi bilan tanishdi

0
106
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yangi loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida Toshkent shahridagi bir qator ijtimoiy obʼyektlarga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari dastlab, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasining Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻi hududida bunyod etilgan yangi binosi qurilishi va Adiblar xiyobonida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Maʼlumki, davlatimiz rahbari 2017 yilning iyun oyida bu yerga tashrif buyurib, qurilish va obodonlashtirish bilan bogʻliq topshiriqlar bergan edi. Oʻtgan 6 oy davomida 9,6 gektardan iborat maydonda ulkan ishlar amalga oshirildi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasining yangi binosi qad rostladi. Bino ikki qavatdan iborat boʻlib, uning birinchi qavatiga “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallari tahririyatlari hamda “Ijod” jamoatchilik fondi joylashadi. Binoda 150 oʻrinlik faollar zali ham mavjud boʻlib, u ijodiy kechalar, badiiy muhokamalarni shu yerning oʻzida oʻtkazish imkonini beradi. Binoning ikkinchi qavatida Yozuvchilar uyushmasi joylashadi. Uning huzurida boy kutubxona ham tashkil etiladi.

Davlatimiz rahbari Uyushma maqomini koʻtarish, uni xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirishga taʼsir koʻrsatadigan muassasaga aylantirish zarurligini taʼkidladi. Navoiy bobomiz doimo hammani ezgulikka chorlagan, bugungi adabiyotimiz, adiblarimiz ham odamlarni mustaqillikni mustahkamlashga, bunyodkorlik va saxovatga, yoshlarni vatanparvarlikka daʼvat qilishi kerak. Ziyoli inson, ijodkor hamisha xalq kamolini oʻylaydi. Binobarin, yurtimizda ijodkorlar qancha koʻpaysa, jamiyatimiz uchun shuncha foydali boʻladi.

Prezident Shavkat Mirziyoev yurtimizni, tariximiz va bugunimizni, boy merosimizni dunyoga tarannum qiladigan adiblar uchun ijod sharoitini yanada yaxshilash, xususan, Uyushma hovlisini kishini ilhomlantiradigan goʻzal gulzorga aylantirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi. Adiblar xiyobonida har kuni mashhur shoirlarimizning sheʼrlari yangrab turishi kerak.

Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga binoan Uyushmaning kutubxonasi Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona bilan bogʻlanadi, ijodkorlar uning boy kitob fondidan shu yerdan turib bemalol foydalana oladi.

Prezident Shavkat Mirziyoev uyushmaning maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyatini yanada yuksaltirish uchun bu yerda ochilgan Adabiyot muzeyi yanada boyitish konsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadga muvofiq ekanini taʼkidladi.

Ijodkorlar yaratilgan sharoit, yuksak eʼtibor uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik bildirib, xalqimiz maʼnaviyatini boyitish, yosh iqtidorlarni yuzaga chiqarish borasida bor kuch-gʻayratini ishga solishlarini taʼkidladi.

 

president.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.