Poytaxtimizda “Maʼnaviyat festivali” oʻtkazildi

0
250
marta koʻrilgan.

19-21 sentyabr kunlari poytaxtimizda Respublika “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati va Toshkent shahar Maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi hamkorligida “Maʼnaviyat festivali” oʻtkazildi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari mazmun-mohiyatini aholi, xususan yoshlar orasida keng targʻib qilish, ularni milliy maʼnaviy meros va qadriyatlarimiz ruhida kamol toptirishni maqsad qilgan festivalning dastlabki kuni “Yoshlar ijod saroyi”da “Toshkent shahrida “Maʼnaviyat festivali”ni oʻtkazish: loyihalar, kutilayotgan natijalar” mavzusidagi matbuot anjumani bilan boshlandi. Anjumanda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari oʻrinbosari A. Yusupov soʻzga chiqib, ushbu festivalning tashkil etilishi, undan koʻzlangan maqsad haqida gapirdi.

Shundan soʻng, oʻquvchi yoshlar oʻrtasida “Tafakkur” intellektual oʻyini oʻtkazildi. Unda aʼlochi va faol maktab oʻquvchilaridan tarkib topgan jamoalar oʻrtasida bilimlar bellashuvi boʻlib oʻtdi. Kunning ikkinchi yarmida festival ishtirokchilari uchun “Abulqosim” madrasasida “Maʼrifat tur” loyihasi doirasida “Qadimgi va bugungi Toshkent uygʻunligi” mavzusida maʼrifiy tadbir tashkil etildi. Toshkent shahridagi “Suzuk ota”, “Hazrati Imom” kabi memoriy yodgorliklarga tashrif uyushtirildi. Ayniqsa, “Navroʻz” bogʻidagi sayl festival ishtirokchilariga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

Festival doirasida Toshkent shahar Maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi tomonidan 20 sentyabr kuni “Ziyo ulashib” shiori ostida kitobxonlik aksiyasi tashkil qilindi. “Navroʻz” milliy bogʻida start olgan ushbu tadbir poytaxtimizdagi barcha umumtaʼlim maktablarini qamrab oldi. Toshkent shahridagi kutubxona fondini boyitish ehtiyoji yuqori boʻlgan umumtaʼlim maktablariga bepul kitoblar taqdim qilindi. Jumladan, poytaxtdagi 289, 147, 256, 15, 266, 283, 41, 117, 118, 23-maktablar hamda 4-sonli maktab internat kutubxonalariga jahon va oʻzbek adabiyoti namunalaridan iborat badiiy kitoblar topshirildi.

Taniqli adabiyotshunos va sanʼatshunoslar, fan va madaniyat arboblari, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyatining masʼul xodimlari bir qancha umumtaʼlim maktablariga tashrif buyurib ular bilan maʼrifiy uchrashuv oʻtkazdi.

Festival “Milliylikka yoʻgʻrilgan sanʼat” koʻrgazmasi bilan davom etdi. Unda milliy liboslar, hunarmandchilik buyumlari, milliy taqinchoqlar va oʻyinchoqlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Ishtirokchilar oʻrtasida “Siz qaysi kitobni oʻqiysiz?” viktorinasi oʻtkazildi.

“Maʼnaviyat festivali”ning soʻnngi kunida “Tafakkur” sinovlari gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda eng bilimdon va zukko guruh vakillariga faxriy diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi. Bundan tashqari Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan nashr etilgan “Yosh ota-ona kitobi” va “Baxtli bola maʼnaviyati” kitoblarining taqdimot marosimi oʻtkazildi. Tadbirdan soʻng Oʻzbek milliy akademik drama teatrida “Andishali kelinchak” spektakli namoyish etildi.

Festival koʻtarinki kayfiyatda yakunlandi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.