Fargʻonaning Rishtonida hokimlik bozorda tiklangan xalq kutubxonasini buzmoqda

0
62
marta koʻrilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Dima Qayum nomi bilan tanilib asosan hajviya va hikmatlar ulashuvchi rishtonlik tadbirkor Dilshod Abdullayevich Boltaboyev Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevga kutubxonasini mahalliy mansabdorlardan himoyalashni soʻrab ochiq xat yozdi. Xatning matni bilan tanishing:

“Ota-onam nafaqadalar, men esa Rishton tumani dehqon bozorida tunuka va pechka mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanaman. Bozor hududida qonuniy joyimda sentyabr oyida kitob va kitobxonlikni targʻib qilish maqsadida qarorlaringizdan ilhomlanib, bozorga oʻz kutubxonamdan kitoblar olib chiqdim, keyin internetdagi doʻstlarimga iltimos qildim. Kitoblar yogʻilib kela boshlagandan keyin xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Alisherjon Saʼdullayev va Rishton tuman hokimi bilan suhbatlashib, ruxsat olib oʻzimning doʻkonimdan 12 kv metr joyiga “Akfa” romlaridan qurilish ishlarini boshlab, 25 kunda zamonaviy “Roshidoniy Xalq kutubxonasi”ni bitkazdim. Ochganimga uch oy toʻlgan boʻlsa, kitoblar soni 1500 donadan oshdi. Oʻqilgan kitoblar oʻquvchilari soni 1000 dan oshdi.

Bu qurilishga barcha yurtdoshlarim Xayriya aksiyasi qilib pul berishdi, men esa hammasini shu kutubxonaga sarf qildim.

Kecha Rishton tuman hokimi yonida oʻtirib buyruq olgan qurilish arxitektor boshligʻi tongda tuman IIB, Tuman yongʻin xavfsizligi bilan chiqishib “sen noqonuniy qurding”, deb izzatimga tegishdi. “Kechagina yonlarida eshitdingiz-ku, hokimning gapini”, desam ham tan olmadi. Keyin Rishton tumanining yangi hokimining yonlariga kirdim va 30 million soʻmdan oshiq pul sarflaganimni aytdim, ular “boshqa joydan joy berib kredit beraman”, dedilar.

Men boshqa joyga bora olmayman va u joyni qurishga berilgan kreditni toʻlay olmayman, garovga qoʻyishga hech nimam yoʻq. Har kuni oʻquvchilar kitoblar olib ketishmoqda. Bir kunda 20-25 dona ketadi, albatta, bepul tarqatyapman, yonida doʻkonchamda savdo qilyapman.

Sizdan iltimos, shu joyim buzilmasligi uchun oʻquvchilar va oʻz nomimdan oʻtinib soʻrayman – buzishmasin. Hech qanday yongʻinga va hokazolarga xalaqit qilmaydi

Rishton tumani hokimligining hech qanday yordamisiz qurgan edim.

Sizning soʻzlaringiz qulogʻimda doimo jaranglamoqda. “Jaholatni maʼrifat bilan yengamiz” degan soʻzlaringiz. Iltimos, oʻtinib soʻrayman kutubxonani buzishmasin. Yordam bering.

Qishloqda kutubxona bor, lekin sharoiti yoʻq, ham uzoqligi uchun hech kim bormaydi. Men qurgan bepul kutubxona bozor ichida bozorga yumush bilan kelgan odam olib ketyapti. Albatta bepul”, – degan oʻz xatida Dilshod Boltaboyev.

Dilshod Boltaboyevning bu xati kishi oʻyga toldiradi. Chunki, bu ezgu ishga internetning minglab foydalanuvchilari oʻz hissasini qoʻshdi, kutubxonani birga qurishdi. Eng katta sarf-xarajat va albatta, harakat esa Dilshod Boltaboyevning oʻzidan boʻlgan. U kutubxona qurilishi bosqichlarini oʻz sahifasida muntazam ulashib borgan, undan ilhomlangan boshqalar ham oʻz tumanida xalq kutubxonasi bunyod etishga bel bogʻlagan edi. Hokimiyatning birgina buyrugʻi bilan maʼrifat tarqatish umidiyu, ziyo ulashish orzulari chilparchin boʻlishiga achinmaydigan odam boʻlmasa kerak.

Prezident oʻz chiqishlarida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashi hamda maʼrifat masalalariga koʻp toʻxtaladi. Chindan ham mamlakatimizdagi eng dolzarb masalalardan biri shular, desak boʻladi. Vaziyatni qarangki, tadbirkorlik va maʼrifatparvarlik mujassamlashgan bir shaxsning rejalari poymol boʻlmoqda. Rishton tumani hokimligidan bu harakatga izoh kutamiz.

 

Manba: kun.uz sayti

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.