2017 yilning adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti sohibi aniqlandi

0
278
marta koʻrilgan.

Britaniyalik yozuvchi Kadzuo Isiguro adabiyot boʻyicha 2017 yilgi Nobel mukofoti sovrindori boʻldi. Bu haqda Nobel mukofoti qoʻmitasi rasmiy saytida maʼlum qilingan. Shvetsiya Akademiyasi Isiguro “oʻzining katta hissiy qudratga ega romanlarida bizning dunyo bilan boʻlgan soxta bogʻliqligimiz ostidagi boʻshliqni fosh qilgan yozuvchi” sifatida taqdirlanganini ochiqladi.

Aytib oʻtish lozimki, koʻpchilik kelib chiqishiga koʻra yapon boʻlgan Kadzuo Isiguroni kunchiqar mamlakati adabiyoti bilan bogʻlashadi. Ammo, bu notoʻgʻri tasavvur. Yozuvchi yapon mavzusida ham asrlar yozgani bilan koʻproq Gʻarb adabiyoti anʼanalariga sodiq holda ijod qiladi. Uning ijodida yapon adabiyotiga xos milliy ruh deyarli namoyon boʻlmagan. Yozuvchining oʻzi ham ijodiga katta taʼsir qilgan adiblar deb Dostoyevskiy bilan Prustni tilga oladi. Nobel mukofoti qoʻmitasi qarorini eʼlon qilar ekan, Shvetsiya Akademiyasi kotibi Sara Danius “Yozuvchi ijodi Jeyn Ostin bilan Frans Kafka va yana Marsel Prust badiiyati qorishmasidan iborat” degani ham bejiz emas.

Uning eng mashhur asari sifatida tan olingan rivoyatnamo “Koʻmilgan bahodir” romanida adib mahoratining butun qirralari namoyon boʻlgan.

Kadzuo Isiguro 1954 yil 8 noyabrda Yaponiyaning Nagasaki shahrida okeanshunos olim Sidzuo Isiguro oilasida tugʻilgan. 1960 yili Isiguro oilasi Angliya koʻchib oʻtadi. 1974–1978 yillar Kent universitetida ingliz tili va falsafa yoʻnalishi boʻyicha tahsil oladi. 1982 yili unga rasman Angliya fuqaroligi beriladi.

Kadzuo Isiguroning ilk hikoyalari 1981 yili nashr etilgan. Shu paytgacha uning sakkiz asari chop etilgan. Ular 40 dan ortiq tillarga tarjima qilingan.

Yozuvchi “Kunning qolgan qismi” (The Remains Of The Day), “Meni qoʻyib yuborma” (Never Let Me Go) va “Koʻmilgan bahodir” (The Buried Giant) kabi asarlar muallifi sanaladi.

Kadzuo Isiguro 1986 yili “Beqaror dunyo sanʼatchisi” romani uchun Uitbred, 1989 yili “Kunning qolgan qismi” romani uchun Buker mukofotlari bilan taqdirlangan.

Oʻzbekistonlik adabiyotshunos olim Muhammadjon Xolbekov “XX asr modern adabiyoti manzaralari” kitobida yozishicha, Kadzuo Isiguro qalamiga mansub “Biz yetim boʻlganimizda” (When We Were Orphans) romani bugungi kun “madaniyatshunoslik romani”ning yorqin namunasidek xizmat qilishi mumkin.

“Roman qahramoni – Shanxayda tugʻilib oʻsgan yosh Kristofer uchun Angliya hech qachon “oʻz uyi”ga aylanmaydi; uning doʻsti – yosh Akiro ham Shanxayda katta boʻlgan, bolalik shoʻxliklari uchun ota-onasining doʻq-poʻpisasi, yaʼni “uy”iga – Yaponiyaga joʻnatib yuborish uning uchun eng dahshatli jazoga aylanadi, negaki u bir marta Yaponiyada boʻlgan va oʻzini u yerda umrbod begonadek his qilib ulgurgan edi”.

Adabiyotshunos olimning taʼkidlashicha, “… yaponiyalik, biroq ingliz tilida qalam tebratayotgan Kadzuo Isiguro romanlarida milliy mentalitet, milliy anʼana emas, balki bugungi kunda dunyo miqyosidagi kechayotgan tub oʻzgarishlar, halokat va kulfatlar oldida ularni yoʻqotish asosiy ibtidoga aylanib borayapti. Dunyo miqyosidagi tub oʻzgarishlar, halokat va kulfatlar deganda, biz, eng avvalo, urushlar, terrorizm, muhojirlik, irqiy kamsitish, bevatanlik kabi tarixiy va psixologik zarbalarni nazarda tutayapmiz. Kadzuo Isiguroning “Biz yetim boʻlganimizda” nomli romanidan fikrimizni tasdigʻi uchun ushbu parchani keltirib oʻtaylik: “Kristofer, sen yetarlicha ingliz emassan! – dedi yosh Akiro oʻz doʻstiga qarab, – men esa yetarlicha yapon emasman!”

 

Manba: Xurshid Davron sayti.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.